Ta’lim klasteri loyihasi muhokama qilindi
2026-05-18 09:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda, shuningdek, delegatsiya tarkibidagi “Artan Holding” bosh ijrochi direktori Nosir An-Naimiy, ijrochi direktor Neil Komerford, “City University Qatar” rektori Faris Gorashi hamda vazirlik huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Xusanov ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish va zamonaviy ta’lim ekotizimlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Yangi Toshkent hududida xalqaro ta’lim klasterini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Britaniya xalqaro kunduzgi maktabi “DBS”, Britaniya meros internat maktabi “Glenalmond”, “Ulster” brendi asosidagi universitet hamda kasb ta’limi akademiyasini o‘z ichiga olgan ta’lim majmuasini barpo etish loyihasi yuzasidan fikr almashildi.
Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini, xalqaro hamkorlik va xususiy sektor ishtiroki tobora kengayib borayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, bugungi kunda maktabdan tortib oliy ta’lim va kasbiy tayyorgarlikkacha bo‘lgan uzviy ta’lim ekotizimini shakllantirish muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda “Artan Holding” tomonidan taklif etilayotgan ta’lim klasteri loyihasi Yangi Toshkentning strategik rivojlanish konsepsiyasiga mos kelishi, mazkur tashabbus yuqori malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tomonlar oliy va kasbiy ta’lim sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

