Hindiston Milliy xotin-qizlar komissiyasi raisi bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-05-15 09:35:00 / Yangiliklar

Uchrashuv Osiyo xotin-qizlari II forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mehmonning Hindiston Milliy xotin-qizlar komissiyasi, shuningdek, Maharashtra xotin-qizlar komissiyasi raisi sifatidagi ko‘p yillik samarali faoliyati — ayollarni himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, raqamli ta’lim, iqtisodiy mustaqillik va gender tenglikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari yuksak e’tirof etildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tarixiy siyosiy, iqtisodiy, madaniy va turizm aloqalari muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladilar. Ayniqsa, ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika, IT, energetika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotgani, bu jarayonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “Inson qadri”ni ulug‘lash tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani haqida so‘z bordi.
O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati Barqaror rivojlanish maqsadlari, Pekin Harakatlar platformasi va boshqa xalqaro standartlar bilan uyg‘un holda amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgani alohida ta’kidlandi: O‘zbekiston Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 43 pog‘ona yuksalib 48-o‘ringa, Gender tenglik va boshqaruv indeksida (GEGI) esa 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Shuningdek, 2025-yilda qayd etilgan 879,6 ming tug‘ilish ko‘rsatkichi mamlakatning demografik salohiyati yuqoriligi va oila institutining jamiyat hayotidagi mustahkam o‘rnidan dalolat berishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida tajriba almashish, qo‘shma dasturlar va forumlar tashkil etish, ayollar liderligini rivojlantirish yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Suhbat so‘ngida bugungi muloqot o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.

