Agrar sohada xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda
2026-05-14 09:45:00 / Yangiliklar

Jumladan, vazir Ibrohim Abdurahmonov Polsha Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi Davlat kotibi Yatsek Chernyak bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki davlat o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mavjud loyihalar samaradorligini oshirish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida veterinariya, chorvachilik va fitosanitariya yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish hamda mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlik imkoniyatlari keng muhokama qilindi.
Tomonlar ilm-fan va innovatsiyalar agrar soha rivojining asosiy omillaridan biri ekanini qayd etib, bu boradagi aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, vazir Ibrohim Abdurahmonov Tojikiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Qurbon Hakimzoda bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlikning bugungi holati atroflicha tahlil qilinib, uni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni faollashtirish yuzasidan fikr almashdilar.
Alohida e’tibor chegara hududlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish masalalariga qaratildi. Xususan, meva-sabzavot, don va dukkakli ekinlar, hamda moyli ekinlarni qayta ishlash, zamonaviy urug‘chilik tizimini joriy etish, ilmiy yondashuvlar va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish bo‘yicha istiqbolli tashabbuslar ilgari surildi.
