O‘zbekiston–Ozarbayjon agrar hamkorligi yangi bosqichda
2026-05-06 11:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani alohida qayd etildi. Vazirlar o‘rtasida o‘tgan amaliy muloqot davomida agrar sohaning turli yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, bugungi kunda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmaga ham e’tibor qaratildi. Unda dunyoning 45 ta davlatidan 400 dan ortiq kompaniya ishtiroki xalqaro agrar maydondagi faollik ortib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi.
Ozarbayjon tomoni O‘zbekiston delegatsiyasi va soha vakillarini ushbu platformada ko‘rishdan mamnun ekanini bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
Muzokaralarda ilmiy hamkorlik, innovatsiyalarni joriy etish, sug‘urta tizimini rivojlantirish, raqamlashtirish kabi yo‘nalishlar ustuvor ekani ta’kidlandi. Ilmiy hamjamiyatlar o‘rtasidagi aloqalar ham tobora kengayib borayotgani bildirildi.
Amaliy misol sifatida yangi agro va xizmat ko‘rsatish loyihalari tilga olinib, tajriba almashish ikki tomon uchun ham muhim ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida muhim hujjat imzolandi. Xususan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi sug‘urta jamg‘armasi va Ozarbayjon agrar sug‘urta fondi o‘rtasida hamkorlik bitimi tuzildi.
Mazkur bitim kelgusida sug‘urta tizimini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish, yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish hamda o‘zaro tajriba almashish imkonini yaratadi. Tomonlar ushbu hamkorlik ikki davlat uchun ham manfaatli ekanini alohida ta’kidladi.


