O‘zbekiston — Janubiy Koreya: Toshkentda to‘rtinchi toifali zamonaviy tibbiyot muassasasi barpo etilmoqda
2026-05-05 10:15:00 / Yangiliklar

Shuningdek, mazkur muassasada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov hamda Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Koo Yun Cheol boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tibbiyot sohasida ham izchil rivojlanib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishda yangi qo‘shma loyihalar ro‘yobi uchun keng yo‘l ochyapti.
Xususan, 2020-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan, qiymati 130 million AQSH dollariga teng Bolalar milliy tibbiyot markazi Janubiy Koreya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mega-loyihalardan biridir. Muloqotda janob Koo Yun Cheol ushbu muassasa faoliyatini yuqori baholadi.
Ayni paytda ushbu markaz hududida Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan birgalikda yangi shifoxona qurilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Loyihaning umumiy qiymati 149,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 124 million dollari Koreya Eksimbanki orqali taqdim etiladigan kredit mablag‘laridir, 25,8 million dollari esa O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Loyiha doirasida barpo etiladigan 300 o‘rinli to‘rtinchi toifali zamonaviy tibbiyot muassasasida 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu yerda yiliga 8,5 mingtagacha yuqori texnologik operatsiyalar bajarish imkoniyati yaratiladi.
Mehmonlar yangi majmuaning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Yakunda tomonlar Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan hamkorlikda poytaxtimizda qiymati 424,3 million dollarlik tibbiyot klasterini tashkil etish bilan bog‘liq takliflarni muhokama qildi.



