O‘zbekiston-Ozarbayjon: qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik
2026-05-05 09:25:00 / Yangiliklar

Tashrif dasturiga muvofiq, vazir Fuzuliy tumanida barpo etilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston–Ozarbayjon do‘stlik bog‘i hamda loyiha uchun ajratilgan 100 gektar maydonda amalga oshirilayotgan agroloyihalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida vazirga Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Fuzuliy tumani mas’ul rahbarlari hamda soha mutaxassislari hamrohlik qildi.
“Zafar bog‘lari” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida yer maydonlarini tayyorlash va zarur infratuzilma yaratish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Bugungi kunda 83 gektar yer maydoni to‘liq tayyorlangan bo‘lib, qolgan 17 gektarda ishlar davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, joriy yil may oyi oxiriga qadar barcha 100 gektar maydon to‘liq tayyor holatga keltiriladi.
Loyiha doirasida 20 ming kub metr hajmdagi sun’iy suv havzasi qurilishi ham rejalashtirilgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, sug‘orish tizimi to‘liq ishga tushirilmasdan turib ko‘chat ekishni boshlash yuqori harorat sharoitida o‘simliklar nobud bo‘lish xavfini oshiradi.
Vazir amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishar ekan, sug‘orish va oziqlantirish jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish zarurligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, hududda in-vitro laboratoriya sharoitida yetishtirilgan ko‘chatlar ham mavjud bo‘lib, ular boshqa hududga ko‘chirilib parvarish qilinmoqda va hozirda yaxshi rivojlanib, hosilga kirish bosqichiga o‘tgan.
Ibrohim Abdurahmonov bog‘ning ayrim qismida anor ko‘chatlarini ekish bo‘yicha tavsiyalar berib, ushbu ishlarni joriy yil oktabr oyida boshlash maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi.
Bundan tashqari, hududni to‘liq o‘rab olish ishlari belgilangan reja asosida olib borilishi va ushbu jarayonni 1,5 oy muddatda yakunlash zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, zamonaviy agrotexnologiyalar asosida samarali bog‘dorchilik tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

