“Barqaror turmush” oyligi doirasida Toshkent shahar IIBB tomonidan tadbir tashkil etildi
2024-07-10 09:05:00 / Yangiliklar
Kuni kecha poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Mirzo Ulugʻbek nomli markaziy istirohat bogʻi”da shunday tadbirlarning biri boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbir Toshkent shahar IIBB hamda shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida imzolangan “Zoʻravonlikdan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish va zoʻravonlikning oldini olish” Qoʻshma rejasi hamda “Barqaror turmush” oyligi doirasida tashkil etildi. Tadbirda tumanda profilaktik hisobda turmaydigan ammo nizolashib kelayotgan 60 ta, ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobga olingan 40 ta oiladan, jami 100 nafar fuqaro, shahar IIBB hamda hamkor mahkama va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Z. Mahkamova tadbir ishtirokchilariga Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
Poytaxt hududida yashovchi bandligi taʼminlanmagan, turmush sharoitlari ogʻir ayollar muammolarini oʻrganish, ularni kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha yoʻllanma va sertifikatlar berish, ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan ayollarga imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam koʻrsatishni maqsad qilgan mazkur tadbirda, yigirmaga yaqin korxona, tashkilotlar oʻz boʻsh oʻrinlari bilan ishtirok etishdi. Shuningdek, hamkor tashkilotlar vakillari tomonidan nizoli oilalar muammolarini hal etish borasida sayyor qabullar tashkillashtirildi. Ushbu jarayonda oila muammolari oʻrganilib, huquqiy, iqtisodiy va tegishli maslahatlar berildi.
Tadbirning yakuniy qismida kam taʼminlangan, koʻmakka muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam puli va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Taklif etilgan xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar ishtirokchilarning kayfiyatlarini koʻtarib, tadbirga oʻzgacha ruh bagʻishladi.