O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik loyihalari muhokama qilindi
2026-04-29 09:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston energetika vaziri J. Mirzamahmudov va Xitoy Davlat energetika boshqarmasi raisi Vang Xunchji raisligida o‘tgan uchrashuvda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, yirik energetika kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.
Unda ikki mamlakat rahbarlarining strategik tashabbuslari va oliy darajadagi kelishuvlari ijrosi doirasida energetika sohasidagi hamkorlik yuqori rivojlanish darajasiga chiqqani alohida ta’kidlandi. Tomonlar neft-gaz, elektr energetikasi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) yo‘nalishlaridagi o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashning asosiy omili ekanini qayd etdilar.
Muloqot davomida uglevodorodlarni qazib olish, yer osti gaz omborlarini qurish va magistral gaz quvurlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, “yashil” energetika sohasida Xitoyning ilg‘or texnologiyalarini jalb qilgan holda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, energiya tizimlarini o‘zaro bog‘lash hamda soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar energetika obyektlarini raqamlashtirish, sohada standartlashtirish va zamonaviy infratuzilmani boshqarish bo‘yicha tajriba almashinuvini davom ettirishga kelishib oldilar. Kichik qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishi Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilishi belgilandi.

