Sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonda
2026-04-28 10:20:00 / Yangiliklar

Afg‘oniston vaziri davlatlarimiz o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik munosabatlari gumanitar yo‘nalishda, xususan, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun asos bo‘lishini ta’kidladi.
Bugun Afg‘onistonning aksariyat tumanlarida shifoxonalar yo‘q. Keyingi yillarda mamlakatda saraton kasalligi aniqlangan bemorlar nisbatan ko‘paygan.
Shundan kelib chiqib, mezbon tomoni O‘zbekistondan Mozori Sharifda shifoxona qurish, mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, afg‘onistonlik bemorlarning yurtimizda davolanishi uchun tibbiy viza berish tartiblarini soddalashtirish, dori vositalarini olish jarayonlarini yengillashtirishda ko‘mak berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni so‘radi.
Balx viloyati gubernatori Afg‘onistonning og‘ir kunlarida, ayniqsa, tabiiy ofat, sel toshqinlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev afg‘on xalqining yonida bo‘lganini, doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Muhammad Yusuf Vafo O‘zbekiston ko‘magida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbarining joriy yil Afg‘onistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirilganini yuqori baholadi.
Oziq-ovqat va dori vositalari nazorati boshqarmasi boshlig‘i Hamidulloh Zohid O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalari uchun bugun Afg‘onistonda katta bozor mavjudligini ta’kidlar ekan, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini yanada osonlashtirishni taklif qildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi Dehdadi tumani poliklinikasi hamda Mozori Sharifdagi Abu Ali Ibn Sino nomli markaziy shifoxona faoliyati bilan tanishdi va xodimlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Tashrif davomida quyidagi kelishuvlarga erishildi:
Afg‘onistondagi davlat tibbiyot muassasalariga ko‘maklashish imkoniyatlarini o‘rganish va tegishli takliflar tayyorlash uchun har ikkala vazirlik vakillaridan iborat ishchi guruh tuzish;
qo‘shni davlat delegatsiyasining yurtimizga tashrifini tashkil etish;
har yili 100 nafargacha Afg‘oniston mutaxassislarining respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish;
yiliga 50 nafargacha afg‘on yoshlarining respublika tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida grant asosida tahsil olishi uchun kvota ajratish masalasini ko‘rib chiqish;
qo‘shni davlatdagi og‘ir bemorlarning yurtimizga davolanishga kelishi uchun tibbiy viza berish jarayonini yengillashtirish masalasini mutassaddi tashkilotlar bilan kelishish va natijasini afg‘on tomoniga yetkazish;
"Arman Group" kompaniyasi bilan hamkorlikda Mozori Sharif shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida shifoxona barpo etish. Bunda afg‘on tomoni loyihaga investitsiya kiritadi, mavjud binoni shifoxonaga moslashtiradi va ilg‘or tibbiy jihozlarni xarid qiladi. O‘zbekiston tomoni muassasani yetuk mutaxassislar bilan ta’minlaydi.
Umuman, ushbu tashrif O‘zbekiston va Afg‘onistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorligida yangi davrni boshlab berishi, shubhasiz.

