“O‘zbekistonning gender tenglik bo‘yicha mamlakat profili” loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi muloqot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-04-22 09:25:00 / Yangiliklar

Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova, "BMT Ayollar" tuzilmasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) vakillari ishtirokida “BMT-Ayollar” tuzilmasi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning gender tenglik bo‘yicha mamlakat profili” loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi muloqot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish, ta’lim, mehnat bozori, ijtimoiy himoya, media va oilaviy munosabatlar sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro tahlillar va milliy qonunchilik bilan uyg‘un holda aks ettirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekistonning gender tenglik bo‘yicha mamlakat profili” loyihasi bo‘yicha avval Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarning aksariyati inobatga olingan. Natijada loyiha hujjati qayta tahrir qilinib, mazmunan boyitilgan va takomillashtirilgan holda taqdim etilgan.
Shu bilan birga, yig‘ilishda qayta taqdim etilgan loyiha yuzasidan qator takliflar bildirildi. Xususan, loyihada amalda bo‘lgan va o‘z kuchini yo‘qotgan normativ-huquqiy hujjatlarga berilgan havolalarni huquqiy jihatdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, muhokamada xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi ishtiroki masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ishchi muhokama davomida loyihaning “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik”, “Xotin-qizlar va media”, “Qiz bolalar: huquqlar, imkoniyatlar va himoya” kabi bo‘limlaridagi ayrim holatlarni ham qayta ko‘rib chiqish, ularni milliy qonunchilik, amaldagi davlat siyosati va sohadagi islohotlar mazmuniga uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida loyihani yanada takomillashtirish, unda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, huquqiy kafolatlar, institusional mexanizmlar va amaliy natijalarni xolis, muvozanatli hamda ilmiy asoslangan tarzda aks ettirish muhimligi ta’kidlandi.

