O‘zbekiston Jahon banki global tashabbusiga qo‘shilmoqda
2026-04-17 09:40:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 15-aprel kuni Vashingtonda o‘tayotgan Jahon banki guruhining (JBG) Bahorgi yig‘ilishlari doirasida JBG rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan hamkorlikda 2030-yilgacha 1 milliard aholi uchun suv xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan “Water Forward” tashabbusi – global platformani ishga tushirildi.
Tadbirda JBG prezidenti Ajay Banga va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, shuningdek, hamkor xalqaro moliya institutlari (XMI) rahbarlari va turli davlatlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirok etishdi.
“Water Forward” tashabbusi aholi uchun tegishli xizmatlarning ishonchliligini oshirish, oziq-ovqat ishlab chiqarish va suv tizimlarining qurg‘oqchilik va suv toshqinlariga chidamliligini mustahkamlash maqsadida suv xo‘jaligi sohasida islohotlarni amalga oshirish va suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi.
Tashabbusda ishtirok etayotgan rivojlanayotgan mamlakatlar suv tizimlari va institutlarini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun XMI, hukumatlar, xayriya tashkilotlari va xususiy sektordan zarur moliyaviy va tahliliy resurslarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunday loyihalar aholi turmush sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.
JBG o‘z operatsiyalari doirasida 2030-yilgacha butun dunyo bo‘ylab 400 million kishi uchun suv xavfsizligini ta’minlash majburiyatini oladi. Bunga suv ta’minoti va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, irrigatsiya tizimlari va xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, qurg‘oqchilik va suv toshqinlaridan himoya qilish choralari, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarda suv manbalarini tiklash kiradi.
Hamkorlarning qo‘shimcha majburiyatlarini hisobga olgan holda, “Water Forward” tashabbusi 1 milliarddan ortiq odamni qamrab olishni maqsad qilgan. Hamkor XMIlar qatoriga Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), Yevropa investitsiya banki (YEIB) va Islom taraqqiyot banki (ITB) kiradi. Bu tashkilotlar ham O‘zbekistonda faol ish olib bormoqda.
“Water Forward” tashabbusi asosini ishtirokchi-mamlakatlar hukumatlari rahbarligida ishlab chiqiladigan milliy suv paktlari tashkil etadi. Ularda suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi va xalqaro hamkorlar bilan muvofiqlashtirilgan holda ularni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslar jalb etiladi.
“Water Forward” tashabbusini ishga tushirish tadbirida 14 mamlakatdan iborat birinchi guruh ishlab chiqilgan milliy suv paktlari asosida tashabbusga qo‘shilganini e’lon qildi. O‘zbekiston, Albaniya, Angola, Boliviya, Vetnam, Kongo Demokratik Respublikasi, Iordaniya, Kambodja, Kamerun, Keniya, Kot-d’Ivuar, Senegal, Serra-Leone va Yamayka mamlakatlari shular jumlasidandir.
Jamshid Qo‘chqorov o‘z nutqida hukumat Jahon banki bilan birgalikda O‘zbekiston uchun suv paktini ishlab chiqqanini ta’kidladi.
"Pakt O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga to‘liq mos keladi. Xususan, hujjatda sug‘oriladigan yerlarning 100 foizida (4,1 million gektar) suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orishdagi suv yo‘qotishlarini 25 foizga kamaytirish, aholining toza ichimlik suvi va sanitariya xizmatlaridan umumiy foydalanishini ta’minlash, shuningdek, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish ko‘zda tutilgan,” – dedi Jamshid Qo‘chqorov.

