O‘zbekiston–Niderlandiya simpoziumi: hamkorlik yangi bosqichda
2026-04-14 09:40:00 / Yangiliklar

Imzolangan hujjatlar orasida eng muhimlaridan biri — O‘zbekiston–Niderlandiya qishloq xo‘jaligi simpoziumi protokoli bo‘lib, u kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, tizimli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Dutch Greenhouse Delta hamda Export Partner o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandum agrar sohada savdoni rivojlantirish, zamonaviy agrota’lim tizimini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro stajirovkalarni tashkil etishni nazarda tutadi.
Urug‘chilik yo‘nalishida Naktuinbouw va Urug‘chilik markazi o‘rtasidagi memorandum sifat nazoratini kuchaytirish, zamonaviy seleksiya yondashuvlarini joriy etish hamda tizimni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik doirasida Toshkent davlat agrar universiteti, Dutch Greenhouse Delta va Export Partner o‘rtasida imzolangan hujjat yosh mutaxassislar tayyorlash, amaliy ko‘nikmalarni oshirish va innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, Dutch Greenhouse Delta, Export Partner hamda O‘zbekistondagi Benelux Savdo Palatasi o‘rtasidagi kelishuv investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish uchun samarali platforma yaratadi.
Umuman olganda, imzolangan hujjatlar paketi O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, innovatsiyalar, ta’lim va savdo yo‘nalishlarida barqaror rivojlanish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

