Oliy taʼlim va fan sohasida yangi imkoniyatlar
2026-04-13 12:05:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar universitetlararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Ilhom Sirojev o‘z so‘zida Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini ta’kidlab, bugungi hamkorlik ana shu an’analarning zamonaviy davomi ekanini qayd etdi. Shuningdek, u mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim sifati va innovatsion taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik tajriba almashish, ilg‘or yondashuvlarni joriy etish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Polsha Respublikasi fan va oliy ta’lim vaziri Marsin Kulasek esa O‘zbekiston bilan akademik hamkorlikni yuqori baholab, mazkur kongress ikki mintaqa o‘rtasidagi amaliy sheriklikni mustahkamlash uchun muhim platforma ekanini qayd etdi. U Polsha universitetlari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy konsorsiumlar va innovatsion loyihalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, u hozirgi kunda O‘zbekistonlik talabalar soni bo‘yicha Polshada TOP-10 davlatlar qatoriga kirishini ta’kidlab, bu kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini qayd etdi.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z nutqida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasida ham hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, bu yo‘nalish zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlashda hal qiluvchi omil ekanini qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan, u kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, dual ta’lim elementlarini joriy etish, ish beruvchilar ishtirokini kengaytirish, shuningdek, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash zarurligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.


