O‘zbekiston-Iordaniya Hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-04-03 11:55:00 / Yangiliklar

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirib, o‘zaro aloqalarni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdilar. Oxirgi 5 yil ichida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 9 barobarga oshgani alohida e’tirof etildi. Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolash uchun tayyorlandi. Ishbilarmonlik aloqalarini jadallashtirish, qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish va Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Sanoat kooperatsiyasi, yer qa’ridan foydalanish, kimyo, qishloq xo‘jaligi, logistika va farmatsevtika sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Bunda transport aloqalarini rivojlantirish, telemeditsinani joriy etish, qo‘shma korxonalar tashkil qilish hamda vizasiz rejim sharoitida sayyohlar oqimini ko‘paytirishga asosiy e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu muzokaralar natijalari O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga yangi sur’at bag‘ishlashini ishonch bilan qayd etdilar.

