YETTB O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv
2026-04-03 09:50:00 / Yangiliklar

Unda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “O‘zbekistonda iqlimga mos aqlli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlari” hamda “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida mamlakat investitsiya platformasi” loyihalari muhokama markazida bo‘ldi.
Mazkur platforma orqali taklif etilgan chora-tadbirlar agro-oziq-ovqat tizimini modernizatsiya qilish, resurslardan samarali foydalanish va iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanlikni oshirishga xizmat qiladi. Shu jihatdan, ushbu hujjat amaliyotga yo‘naltirilgan, investitsiyalarni jalb qilish va sohani barqaror rivojlantirishga qaratilgan muhim dasturiy asos hisoblanadi.
Muloqot chog‘ida loyiha doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan aniq chora-tadbirlar, mexanizmlar va ustuvor yo‘nalishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, investitsiyalarni jalb etishning samarali vositalari, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda innovatsion yondashuvlar asosida qishloq xo‘jaligi tizimini transformatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uchrashuvda loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muloqot davomida HECI tamoyillarini amaliyotga joriy etish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi. Ushbu yondashuv inson kapitalini rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va institutsional samaradorlikni oshirish orqali qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil sifatida e’tirof etildi.
Tomonlar mazkur loyiha nafaqat agrar sohada barqaror rivojlanishni ta’minlash, balki mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq hududlarida yashovchi aholi farovonligini oshirish va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish va qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirish borasida kelishuvga erishildi.

