“Yangi Angren” madaniyat va sport majmuasi foydalanishga topshirildi
2026-03-30 09:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova, Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Madjidov, Respublika ishchi guruhi a’zolari, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat prokurori Azamat Mirzayev, shahar hokimligi mas’ullari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahalla aholisi, nuroniylar, turli millat vakillari, milliy-madaniy markazlar faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur majmuaning ishga tushirilishi hudud aholisi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning madaniy hordiq chiqarishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi hamda iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Yangi majmua nafaqat zamonaviy infratuzilma namunasi, balki mahallada sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, oilalar farovonligini mustahkamlash va jamiyatda ma’naviy-madaniy muhitni yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim maskan sifatida ahamiyat kasb etadi.

