O‘zbekiston – Xitoy: Tibbiyot sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengayadi
2026-02-19 15:35:00 / Yangiliklar

Qayd etilganidek, ikki mamlakat rahbarlari sa’y-harakati bilan o‘zaro strategik va do‘stona aloqalar izchil rivojlanmoqda.
Xususan, o‘tgan yil 1-sentyabrda Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tkazilgan SHHT sammiti doirasida ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha imzolangan Hukumatlararo bitim hamkorlikni yanada mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etyapti.
Bugungi muloqotda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qator tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish hamda yurtimizda an’anaviy Xitoy tabobatini rivojlantirishga qaratilgan grant loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, xitoylik kardiojarrohlar tomonidan joriy yilda 500 nafar yurak nuqsoni bo‘lgan bemor bolada yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Bu amaliyotlar Bolalar milliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida bajarilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv davomida Xitoyning grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

