O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Belarusga tashrif buyurdi
2024-06-03 21:50:00 / Yangiliklar

Bugun, 3-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi ushbu tadbirlarda kuzatuvchi maqomida ishtirok etish uchun Minsk shahriga tashrif buyurdi.
Dastlab, Minsk shahridagi “Ulug‘ tosh” Xitoy-Belarus sanoat parkida “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining oziq-ovqat xavfsizligi” yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi, Belarus, Qozog‘iston Respublikalari Bosh vazirlari, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi, Armaniston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari ishtirok etdi hamda Ozarbayjon Bosh vaziri faxriy mehmon sifatida qatnashdi.
Tadbirda bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi har bir davlat uchun nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib borayotgani, muayyan obyektiv omillar tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish zanjirida uzilishlar kuzatilib, narxlarning oshishiga olib kelayotgani, global iqlim o‘zgarishi, yer va suv resurslarining qisqarishi, kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlardan me’yordan ortiq foydalanish natijasida ekin maydonlarining sifati qaytarib bo‘lmaydigan darajada yomonlashayotgani ta’kidlandi.
Mintaqa aholisini sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini barqaror ta’minlash, turli chaqiriq va tahdidlarga samarali qarshi turish uchun zarur sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tarkibiy islohotlarning amaliy natijalari haqida qisqacha ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, davlatning qishloq xo‘jaligiga aralashuvidan voz kechilib, sohaga bozor mexanizmlari joriy etildi. Paxta va g‘alla yetishtirishda davlat monopoliyasi bekor qilindi.
Sug‘oriladigan yerlarning 30 foizida, ya’ni 1 million gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi. Ilgari paxta va g‘alla yetishtirishda foydalanilgan 200 ming gektar maydon 700 ming oilaga uzoq muddatga berildi.
O‘tgan davrda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligiga 3 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya jalb etildi.
Natijada oziq-ovqat ekinlarining o‘rtacha hosildorligi oshdi, aholi daromadi ko‘paydi, zamonaviy sovitqichli omborxonalar ishga tushirilib, ichki bozordagi narxning mavsumiy omillarga bog‘liqligi bartaraf etildi.
O‘tgan yilning oxirida meva-sabzavot, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmi 2017-yilga nisbatan qariyb ikki barobar oshib, 2 milliard dollarni tashkil etdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 2030-yilgacha o‘zida oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini hal qilishni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yo‘qotishlarni kamaytirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, eksport hajmi hamda qo‘shimcha qiymatni oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish singari ko‘plab masalalar bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan.
Kelgusi besh yilda qo‘shimcha qiymatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar, eksport hajmini esa 2 barobar oshirish niyat qilingan.
Tadbirda O‘zbekiston tomoni bugungi kunda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari va oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish, yetkazib berish, “yashil” koridorlarni rivojlantirish, ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish hamda qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy etish yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Belarusga tashrifi doirasida “Belagro – 2024” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, “Shon-sharaf tepaligi” yodgorlik majmuasiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etdi.




