Shveysariya bilan yangi bitim imzolandi
2024-06-03 16:25:00 / Yangiliklar

Shveysariya Konfederatsiyasi hukumati 2000-yildan buyon O‘zbekiston bilan suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilib keladi.
Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda 2016–2019-yillarda “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning birinchi bosqichi amalga oshirildi. 2020–2023-yillarda loyihasining ikkinchi bosqichi hayotga tatbiq qilindi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraуev Shveysariya hukumati O‘zbekistonning suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotganligini ta’kidladi. O‘tgan yillarda “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning ikki bosqichi muvaffaqiyatli amalga oshirilganligini e’tirof etdi.
Quyi tizim tashkilotlarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash, mutaxassislarning malakasini oshirish, vazirlik tizimidagi kollejlarni o‘quv dasturlari va ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi hamda Suv kodeksini ishlab chiqishda ham loyiha amaliy ko‘mak berdi.
– Biz hozir “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning uchinchi bosqichi bo‘yicha Bitimni imzolamoqchi bo‘lib turibmiz. O‘ylaymanki, muzkur loyiha hamkorligimizni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi, dedi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraуev.
– Biz loyihaning erishgan natijalariga asoslanamiz va sa’y-harakatlarimizni kengaytiramiz. Bu loyiha suvni samarali boshqarish, suvni tejovchi texnologiyalar, raqamlashtirish va Markaziy Osiyoda fermerlar va mahalliy suvdan foydalanuvchilarning salohiyatini oshirish orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘magimizning asosiy qismidir”, – dedi Shveysariya Konfederatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy.
Loyiha uchinchi bosqichining umumiy budjeti 3,55 million AQSh dollarini tashkil etib, 2024–2027-yillar davomida amalga oshiriladi.
Bitimni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraуev va Shveysariya Konfederatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy imzoladi.

