Sog'liqni saqlash kodeksi loyihasi xalqaro talablar asosida ishlab chiqilmoqda
2026-02-06 11:35:00 / Yangiliklar

Jumladan, sog'liqni saqlash yo'nalishida izchil aloqalar yo'lga qo'yilgan bo'lib, hozirgi paytda O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash kodeksi loyihasi birgalikda ishlab chiqilyapti.
Sog'liqni saqlash vaziri A.Xudayarov va BMT taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili A. Fudzii uchrashuvida ayni shu masala atroflicha ko'rib chiqildi.
Qayd etilganidek, oxirgi yillarda yurtimiz sog'liqni saqlash tizimida katta o'zgarish va yangiliklar ro'y bermoqda. Jumladan, aholi salomatligini ta'minlash, kasalliklarning oldini olish va davolash ishlariga qaratilgan huquqiy asoslarni yagona tizimga birlashtirish borasidagi sa'y-harakatlar izchil davom ettirilayotir.
Shu maqsadda Sog'liqni saqlash kodeksi loyihasi bir necha rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilmoqda. Muhimi, o'tgan davrda bu bo'yicha bir muncha ishlar bajarildi. Hozirgi paytda sohaga taalluqli qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish davom ettirilyapti. Bu esa pirovardida turli qonunlardagi me'yorlarni yagona hujjatda jamlash va eskirganlaridan voz kechish imkonini beradi.
Kodeks loyihasiga xalqaro Qonunchilik talablariga mos keladigan bir qator me'yorlar ham kiritilmoqda.
Yig'ilishda jarayonni yanada tezlashtirish maqsadida mas'ul ishchi guruh tashkil etilgani ma'lum qilindi hamda bu tuzilma tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar aniq ko'rsatib o'tildi.
Yakunda tomonlar O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi hamda BMT taraqqiyot dasturi hamkorligi samarasi o'laroq, mazkur kodeks loyihasi xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqilishiga ishonch bildirdi.