Qohirada o‘tgan xalqaro anjumanda ayollar huquqlarini ilgari surishda diniy-ma’rifiy yondashuvning O'zbekiston tajribasi taqdim etildi
2026-02-03 10:05:00 / Yangiliklar

Qohira shahrida Islom Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarda ayollar huquqlarini himoya qilish va ilgari surishda diniy-ma’rifiy hamda media diskursni samarali qo‘llash masalasiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro anjuman Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdul Fattah as-Sisi homiyligida, mamlakat Bosh vaziri, Al-Azhar shayxi, vazirlar, ayollar masalalari bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda 57 mamlakatdan kelgan delegatsiyalar ishtirokida o‘tkazildi.
Konferensiya dasturi 6 ta panel sessiya hamda savol-javob va ochiq muhokamalardan iborat bo‘lib, unda ayollar huquqlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, diniy-ma’rifiy yondashuv asosida ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova tomonidan qilingan “Diniy-ma’rifat sohasida amalga oshirilgan islohotlar” mavzusidagi ma’ruzada mamlakatimizda ayollar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va rolini mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy yondashuv asosida sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar xalqaro jamoatchilikka taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda xotin-qizlarga oid davlat siyosati diniy-ma’rifat, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillariga tayangan holda olib borilmoqda. Ushbu yondashuv ayollarning huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar ushbu xalqaro muloqot ayollar huquqlarini himoya qilish va ilgari surishda diniy-ma’rifiy hamda media resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha yangi yondashuv va amaliy mexanizmlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etdilar.
Mazkur anjuman natijalari Islom Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar miqyosida ayollar huquqlarini mustahkamlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

