O‘zbekiston va Iroq: qishloq xo‘jaligidagi tizimli hamkorlik
2026-02-02 09:20:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Iroq Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mahdi Sahir al-Jabbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda agrar hamda savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmlarini oshirish, logistika va bojxona jarayonlarini soddalashtirish maqsadida “Yashil yo‘lak” (Green Corridor) tizimini joriy etish, shuningdek, Iroq hududida O‘zbekiston savdo uyini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, hamkorlikka tayyor bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatini shakllantirish hamda ular o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham muhim kelishuvlar amalga oshirildi.
Vazir o‘z navbatida, O‘zbekistondan import qilinayotgan meva-sabzavot mahsulotlariga nisbatan amalda qo‘llanilayotgan 20–30 foizlik bojxona bojlarini 5 foizgacha kamaytirish yuzasidan taklif bildirdi.
Erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash va ularni muvofiqlashtirish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama Memorandum ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi va Iroq Respublikasi o‘rtasida 2026–2028 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi” Iroq tomoniga topshirildi. Mazkur hujjat Iroq tomoni tomonidan ko‘rib chiqilgach, imzolanishi rejalashtirilgan.

