O‘zbekiston – Turkiya: Ikki davlat hamkorligida yirik agro va sanoat loyihalari yo‘lga qo‘yilmoqda
2026-01-30 15:55:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida nufuzli xorijiy tashkilot va biznes vakillari bilan O‘zbekistonda 2026–2027-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlari qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, elita urug‘chilik, zamonaviy ko‘chatchilik hamda issiqxona loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Xususan, Hektaş Ticaret T.A.Ş. kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida o‘simliklarni himoya qilish vositalari hamda organomineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish zavodini qurish, Varnet Camsera CO LTD bilan Buxoro viloyatida agroturizm yo‘nalishida botanika bog‘i tashkil etish, Koch Erol Almus kompaniyasi bilan Andijon viloyatida gazlanmagan ichimlik suvi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, Doganlar kompaniyasi tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, Arıcı Tarım Turizm ve İnşaat Malzeme tomonidan zamonaviy ko‘chatchilikni rivojlantirish, Armada Brend Seed LLC tomonidan elita urug‘chilik yo‘nalishida O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdim etildi.
Uchrashuvlar yakunida vazir tomonidan loyihalarni sohaviy ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.


