Buyuk Britaniya kompaniyasi bilan hamkorlikda “aqlli shifoxona” konsepsiyasi amalga oshiriladi
2026-01-22 15:00:00 / Yangiliklar

Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan muloqotda ruhiy salomatlik xizmati yo‘nalishida “Xalqaro standartlarga asoslangan ambulator va statsionar davolash muassasasini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish, xususan, zamonaviy “aqlli shifoxona” konsepsiyasi, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish, kadrlar malakasini oshirish hamda zamonaviy menejment masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, “International Hospitals Group” Britaniyaning yetakchi xalqaro tibbiy infratuzilma kompaniyasi hisoblanadi.
U dunyoda ruhiy salomatlik sohasida xalqaro standartlarga asoslangan ambulator va statsionar klinikalarni loyihalashtirish hamda barpo etish borasida katta tajribaga ega. Hozirgi vaqtda Yaqin Sharq davlatlari, Qozog‘iston va yana qator mamlakatlarda faol ish olib bormoqda.
Uchrashuvda kompaniya rahbari Chester King Toshkent shahri hamda poytaxt viloyatida joylashgan psixiatriya va narkologiya xizmati muassasalariga tashrif buyurganini ta’kidlab, O‘zbekistonda ruhiy salomatlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholadi.
Muhokama davomida yurtimizda bu yo‘nalishda tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, aholi uchun zamonaviy va samarali tibbiy yordamni ta’minlash hamda britaniyalik mutaxassislarni jalb etgan holda ruhiy salomatlik xizmatini barqaror rivojlantirishga kelishib olindi.
Shuningdek, kompaniya rahbari bu borada nafaqat davlat, balki nodavlat tibbiyot muassasalari bilan ham hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

