O‘zbekiston–Xitoy qishloq xo‘jaligi sohasidagi strategik hamkorlik kengaymoqda
2025-12-19 09:10:00 / Yangiliklar

Muloqot chog‘ida tomonlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatining Zomin tumanida Xitoy–O‘zbekiston biologik ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi texnologiyalari sanoat parkini barpo etish rejalashtirilgan. Loyiha “ekish – shakar ishlab chiqarish – yem-xashak – chorvachilik – organik qayta ishlash” tamoyiliga asoslangan yashil aylanma zanjirni shakllantirishni nazarda tutadi.
Sanoat parki to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga 360 ming tonna makkajo‘xori qayta ishlanib, 250 ming tonna fruktoza-glyukoza siropi hamda 50 ming tonna alluloza ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, loyiha doirasida mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi ichki bozorda shakarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyo va Rossiya bozorlariga shakar eksportini yo‘lga qo‘yish imkonini ham yaratadi. Bu esa mamlakat qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va eksport salohiyatini oshirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish, kelishilgan rejalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, texnik-iqtisodiy asoslarni takomillashtirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.


