Ayollarning iqtisodiy faolligi va ijtimoiy barqarorlik masalalari kun tartibida
2025-12-17 09:30:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli anjuman Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etildi. Konferensiya 2025-yil 16-dekabr kuni Toshkent shahridagi InterContinental mehmonxonasi majlislar zalida an’anaviy va onlayn formatlarda o‘tkazildi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z chiqishida mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
“Bugun ayollar ijtimoiy jarayonlarning ishtirokchisi o'laroq jamiyat barqarorligini ta’minlaydigan, innovatsion taraqqiyotga turtki beradigan yetakchi kuchga aylanmoqda. Ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish barqaror rivojlanishning muhim sharti hisoblanadi,” — dedi Bosh vazir o'rinbosari Zulayho Maxkamova.
Tadbirda, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari — Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Markaziy Osiyoda zo‘ravon ekstremizmning oldini olish loyihasi rahbari Shtefan Buxmayer, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)"ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, Elchi Antti Karttunen o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida xotin-qizlarning jamiyat barqarorligini ta’minlashdagi muhim o‘rni, gender tenglikni mustahkamlash orqali barqaror va inklyuziv rivojlanishga erishish masalalari muhokama qilindi. Davlat organlari, ilmiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Anjuman ishlari uchta sho‘ba doirasida olib borildi. Unda jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni va roli, ayollar bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda xotin-qizlarning ta’lim va ilm-fan sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan ilmiy-amaliy ma’ruzalar tinglandi.
Konferensiyada xalqaro ekspertlar tomonidan qator muhim ma’ruzalar taqdim etildi. Xususan, Italiyaning “Ekvita Italia Company” direktori Margherita D’Urso O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligining tendensiyalari va imkoniyatlari haqida, Turkiyaning Karadeniz universiteti professori Musa Alptekin ayollar salohiyatini iqtisodiyotga keng jalb etish masalalari yuzasidan, Najmettin Erbakan universiteti professori Sheyma Akin esa jamoaviy tadbirkorlik orqali ayollar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ilmiy yondashuvlar va amaliy misollar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, Turkiyada faoliyat yuritayotgan O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati rahbari Ozoda Islomova huquqiy va ijtimoiy himoya orqali jamiyat barqarorligini ta’minlash borasidagi tajribalarni taqdim etdi.
Konferensiya doirasida 60 dan ortiq innovatsion ilmiy g‘oya va amaliy tashabbuslar muhokama qilinib, ularning hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi amaliy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Yakunida, anjumanda ilgari surilgan tashabbus va loyihalar mamlakatning barqaror va inklyuziv rivojlanishini ta’minlash, gender tenglikka asoslangan zamonaviy jamiyatni shakllantirish yo‘lidagi izchil islohotlarning muhim amaliy bosqichi sifatida baholandi.

