Qishloq xo‘jaligi sohasida manfaatli hamkorlik
2023-03-31 23:40:44 / Yangiliklar

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida fitosanitar xavfsizlik sohasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilganganligi, jumladan, bugungi kunda O‘zbekistondan 15 turdagi mahsulotlarni AQShga eksport qilish imkoniyati yaratilgani ta’kidlab o‘tildi. Ushbu hamkorlikni kengaytirish doirasida O‘zbekiston tomoni AQSh tomonidan qovun uchun fitosanitar ruxsatnomalarni berish jarayonini tezlashtirish borasida taklifni ilgari surdi. Shu bilan birga AQShda yo‘lga qo‘yilgan zararkunandalar (qovun pashshasi) bilan kurashish texnologiyasini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha hamda fitosanitariya va veterinariya sohalarida sertifikatlash tizimini o‘rganish maqsadida joriy yilning II-choragida O‘zbekiston delegatsiyasini AQShga yuborish haqida fikr almashildi.
Suhbat davomida, shuningdek, AQShda o‘tkazilayotgan “International Food Safety Summit” kabi seminarlarda qatnashish va AQShning yetakchi professorlarini O‘zbekistonda seminar o‘tkazishga taklif etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni AQShda amalga oshirilayotgan “Taraqqiyot uchun oziq-ovqat” dasturida ishtirok etishdan manfaatdorligini ma’lum qildi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat yakunida ikki tomon ko‘p qirrali hamkorlik yo‘nalishlarini kuchaytirishni kelishib oldi.

