Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston agrar hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2025-12-10 09:35:00 / Yangiliklar

Muloqot chog‘ida agrar sohada hamkorlikni kengaytirish, mavjud loyihalarni amaliy bosqichga o‘tkazish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sektoriga grant ajratish bo‘yicha eng yirik hamkorlardan biriga aylandi. Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 7 million yevro yo‘naltirilgani bunga misoldir.
Yevropa Ittifoqi mablag‘lari asosida amalga oshirilayotgan ASK loyihasi sohadagi islohotlarni jadallashtirishda muhim rol o‘ynamoqda. Loyiha doirasida bir qator strategik hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Ular orasida, iqlimga moslashuv va kamaytirish dasturi, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish strategiyasi, qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS)ni kuchaytirish choralari, o‘rta muddatli byudjetlashtirish modeliga o‘tish konsepsiyasi mavjud.
Uchrashuvda ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Ibrohim Abdurahmonov Yevropa bozoriga bojxona to‘lovlarisiz kirish imkoniyati kengaygani, buning natijasida meva-sabzavot, don mahsulotlari va tekstil eksporti sezilarli oshganini ta’kidladi.
Shuningdek, u ilmiy-texnologik hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va mavjud loyihalarni bosqichma-bosqich rivojlantirish ikki tomon uchun manfaatli ekanini qayd etdi. Muloqot yakunida tomonlar loyihalarni o‘z vaqtida va samarali ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

