O‘zbekiston–Polsha agrar hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2025-11-26 17:00:00 / Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi vazirlik mas’ullari va tizim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek Polsha Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va qishloqlarni rivojlantirish vaziri Stefan Kraevski boshchiligidagi Polsha delegatsiyasi ishtirok etdi. Tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiluvchi mazmunli va amaliy muloqot olib bordi.
Yig‘ilish ikki tomonlama do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, yangi istiqbolli loyihalarni belgilash va agrar yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda agrar islohotlar chuqurlashib, raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, chorvachilik va bog‘dorchilikda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanmoqda.
Polsha agrar sohasi esa yuksak texnologiyalar, samarali boshqaruv tizimi va ilg‘or tajribasi bilan tanilgan bo‘lib, ushbu salohiyat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchrashuv davomida ilmiy-texnik aloqalarni kuchaytirish, agrotexnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish, chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati, mavjud imkoniyatlar va istiqbolli yo‘nalishlar haqida fikr almashdilar. Ular aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish va amaliy natijadorlikni oshirish zarurligini ta’kidladilar.
Yig‘ilish yakunida tomonlar Qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘yicha protokolni imzoladi. Shuningdek, kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirishga doir aniq ish rejasi va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

