“Euronews”da O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida maqola chop etildi
2023-03-14 18:00:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash kerakki, maqolada O‘zbekiston Xitoy, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasidagi qadimiy savdo yo‘li bo‘lgan afsonaviy Ipak yo‘lining markazida joylashganligi, bu esa sayyohlarga qadimiy va zamonaviy dunyoning o‘ziga xos uyg‘unligini, shuningdek, ko‘plab eko va agroturizm imkoniyatlarini taklif etish imkonini yaratayotganligi ta’kidlangan.
Qayd etish joizki, xorij nashri O‘zbekistonning turizm imiji yaxshilanib borayotganligida davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati katta ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
“Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov mamlakatdagi o‘zgarishlarda davlat rahbarining o‘rni juda muhim ekanligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, hukumat tomonidan olib borilgan qator liberal islohotlar, masalan, viza rejimining yengillashtirilganligi ham turizm rivojiga hissa qo‘shmoqda”, deyiladi nashrda.
Maqolada yuqoridagi islohotlarning samarasi o‘laroq endilikda 93 mamlakat, jumladan, Yevropa Ittifoqiga aʼzo barcha davlatlar va Buyuk Britaniya fuqarolari Oʻzbekistonga vizasiz, 50 dan ortiq davlat fuqarolari esa elektron vizalar bilan tashrif buyurishi mumkinligi e’tirof etilgan.
Bundan tashqari, “Euronews” saytining yozishicha, zamonaviy poytaxtimiz Toshkentning teatr va muzeylariga yoki islomiy Buxoro shahrining qadimiy masjid va minoralariga tashrif buyuradigan sayyohlar O‘zbekistonning o'ziga xos tarixga ega ekanligiga guvoh bo‘lishadi.
“Bizda hamisha shunday salohiyat bor edi, – deydi A’zamov. – UNESCOning Butunjahon merosi obyektlari, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz kabi qadimiy va navqiron shaharlarimiz bor. Ayni damda bu kabi imkoniyatlarimizni to‘liq ishga solganmiz”, deyiladi maqolada.
O‘z navbatida “Euronews” Samarqand va Buxoroga ham alohida to‘xtalgan. Xususan, Samarqandga Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo oʻrtasida joylashganligi sababli “Madaniyatlar chorrahasi” deya ta’rif berilgan.
“Samarqand O‘zbekistondagi sayohatni boshlash uchun eng qulay maskan. Bu Markaziy Osiyodagi eng qadimiy doimiy aholi yashaydigan shaharlardan biri boʻlib, uning ildizlari miloddan avvalgi VI asrga borib taqaladi. Dunyodagi eng e'tirof etilgan masjidlardan biri hisoblangan Registon jome masjidi joylashgan shahar O'zbekistonga kirish eshigi hisoblanadi”, deyiladi maqolada.
Buxoro haqida fikr bildirilar ekan, maqolada shaharning 2500 yildan ortiq tarixga ega ekanligi, me’morchiligi esa 1000 yildan ortiq vaqtga borib taqalishi ta’kidlanadi. Bundan tashqari, dunyodagi eng qadimiy hammomlardan biri – “Bozori Kord” hammomiga “uzoq kunlik sayrdan keyin dam olish uchun ajoyib joy” deya ta’rif beriladi.
“Euronews” O‘zbekistonda ekoturizm ham tobora rivojlanayotganini qayd etgan:
“Mamlakatning uzoq shimoli-sharqida joylashgan Ugom-Chotqol milliy bog‘iga tashrif buyurishingiz kerak, chunki u yer noyob flora va faunaga boy, qolaversa sutemizuvchilar, qor qoplonlari va qizil tulkilar yashaydi. Chotqol tog‘i atrofida miloddan avvalgi 1000-2000 yillarga oid qadimiy chizmalarni ham topishingiz mumkin”.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning gastroturizmi ham xorij nashri e’tiboridan chetda qolmagan.
“O‘zbekistonga borganingizda, albatta, taomlarini tatib ko'ring. Ko'mirda pishirilgan kabob, tandir kabob, palov, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar sizga yoqishi tabiiy. An'anaviy o'zbek nonlari ham sizda katta taassurot qoldiradi”, deya ta’kidlanadi maqolada.




