O‘zbekiston va Pokiston qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kengaytirmoqda
2025-11-20 10:00:00 / Yangiliklar

Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, innovatsion agrotexnologiyalarni tatbiq etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Pokiston Qishloq xo‘jaligi vaziri O‘zbekistonga amalga oshirgan tashriflaridagi ijobiy taassurotlarini qayd etib, Toshkentda ta’lim, ilm-fan va agrar yo‘nalishdagi ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi genetikasi, gibrid donchilik, paxta seleksiyasi, chorvachilik, go‘sht sifatini oshirish, qayta ishlash sanoati va oziq-ovqat logistikasi kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar Pokistonning gibrid bug‘doy dasturi, chorvachilik bo‘yicha standartlashtirish tajribasi hamda O‘zbekistonning genom tadqiqotlari va innovatsion agrotexnologiyalar yo‘nalishidagi rivojlanishini yuqori baholadilar.
Shuningdek, logistika masalalari, jumladan Afg‘oniston orqali tranzit imkoniyatlari, chegara terminallari va omborxonalardan foydalanish mexanizmlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida ikki mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasida doimiy muloqot, ishchi guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mas’ul shaxslarni belgilash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, yuqori darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish, qo‘shma loyihalar, ilmiy dasturlar va o‘zaro manfaatli agrar tashabbuslar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib oldilar.

