Jangovar ruh va tafakkur barkamolligi yo‘lida
2025-11-04 15:45:00 / Yangiliklar

Mazkur mashg‘ulotlar harbiy psixolog tomonidan zamonaviy ilmiy yondashuv, ilg‘or tajriba va amaliy metodlar asosida olib borildi. Trening davomida muddatli harbiy xizmatchilar o‘zlarining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tafakkurini rivojlantirish, psixologik chidamlilikni yuksaltirish, intelektual salohiyatini oshirish hamda turli ekstremal sharoitlarda to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlarda faol ishtirok etdilar.
Harbiy xizmat – bu nafaqat jismoniy kuch, balki ruhiy bardoshlik, irodaviy qat’iyat va psixologik tayyorgarlikni talab etuvchi mas’uliyatli yo‘ldir. Shu bois trening davomida harbiy xizmatchilar stress va tushkunlik holatlarini yengish, har qanday og‘ir vaziyatda to‘g‘ri yo‘l topish, jangovar vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash kabi muhim jihatlar bo‘yicha chuqur amaliy mashqlarni bajardi.
Mashg‘ulotlar jarayonida harbiy psixologlar turli interfaol uslublardan – rol o‘ynash, muloqotli testlar, psixodrama, hamjihatlik o‘yinlari kabi samarali metodlardan foydalandilar. Natijada askarlar o‘zlarining ichki imkoniyatlarini kashf etdilar, o‘zaro ishonch va jamoaviy birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga erishdi.
Bu kabi tadbirlar harbiy jamoalarda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish, xizmat samaradorligini oshirish va har bir harbiy xizmatchining shaxsiy rivojlanishiga turtki berishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati





