Farg‘ona garnizonida batalyon taktik o‘quvi o‘tkazildi
2025-11-01 10:00:00 / Yangiliklar

Mashg‘ulot davomida dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, zamonaviy qurolli mojarolardan olingan tahlillar asosida sohaga doir o‘zgarish va yangiliklarni o‘rganish, shuningdek, harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Bir necha kun davom etgan o‘quv mashg‘ulotlarining dastlabki bosqichida harbiy texnikalar bilan safar yurishi harakatlari amaliy tarzda ko‘rsatib berildi. Dala-o‘quv maydoniga yo‘l olgan shaxsiy tarkib o‘rnatilgan shartli to‘siqlarni yengib o‘tish, zaharlangan va xavfli hududlardan o‘tish, texnikalarga maxsus ishlov berish hamda belgilangan joylashuv nuqtasiga talofatsiz yetib borish kabi murakkab vazifalarni muvaffaqiyatli bajardi.
O‘quvning asosiy bosqichida shartli dushmanga qarshi mudofaa jangi o‘tkazildi. Bu jarayonda harbiy xizmatchilar o‘zaro hamjihatlikda harakat qilib, taktik qarorlarni amaliyotda sinovdan o‘tkazdilar.
Ta’kidlash joizki, bunday mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligini oshirib, o‘zaro ishonchi va intizomini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, qo‘mondonlik tarkibining qaror qabul qilish qobiliyatini baholash va yangi taktik yondashuvlarni amaliyotga joriy etishda ham muhim o‘rin tutadi.
Xulosa qilib aytganda, dala-o‘quv maydonlarida o‘tkazilayotgan bunday turdagi mashg‘ulotlar bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish, zamonaviy jang sharoitlariga moslashuvchanlikni ta’minlash hamda batalyon tarkibidagi har bir bo‘linmaning jamoaviy harakatini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








