Olmaotada MDHga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2025-10-31 23:00:00 / Yangiliklar

Olmaota shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga (MDH) aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida Hamdoʻstlik davlatlari mudofaa vazirlari “28 panfilovchi gvardiyachilar” nomidagi bog‘da joylashgan Abadiy alangaga gulchambarlar qo‘yishdi. Shundan so‘ng, mehmonlar Armiya uyidagi Harbiy-tarixiy muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.
Asosiy yigʻilish davomida mudofaa vazirlari MDH formatida 2025-yilgacha bo‘lgan davrda harbiy hamkorlik konsepsiyasining amalga oshirilish holatini tahlil qilib, kelgusida harbiy sohadagi hamkorlikning dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, zamonaviy sharoitda Hamdo‘stlik davlatlarining harbiy hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida harbiy kadrlarni tayyorlash borasidagi tajriba e’tirof etilib, ushbu yo‘nalishni yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida Mudofaa vazirlari kengashi tomonidan qator qarorlar imzolandi. Ular harbiy sohadagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda Hamdo‘stlik davlatlari Qurolli Kuchlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








