Halollik va javobgarlik — bu har bir harbiy xizmatchining kasbiy burchidir
2025-10-31 10:55:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbirda Surxondaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi va shahar, tuman mudofaa ishlar bo‘linmalarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, shuningdek, Qurolli Kuchlar tarkibidagi tegishli bo‘linmalarning vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining huquqiy-me’yoriy asoslari, xususan, qabul qilingan qonun hujjatlari, davlat rahbarining farmon va qarorlarining mazmun-mohiyati chuqur tahlil qilindi. Soha mutaxassislari tomonidan korrupsion holatlarning harbiy jamoalarda yuzaga kelishi qanday ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy oqibatlarga olib kelishi, ularning xizmat intizomiga, jamoaviy birdamlikka hamda milliy xavfsizlik tamoyillariga salbiy ta’siri haqida batafsil tushunchalar berildi.
Shuningdek, davra suhbati chog‘ida harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishga da’vat etish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Uchrashuvda harbiy xizmatda qonuniylikni ta’minlash, xizmat intizomini mustahkamlash va har qanday noqonuniy harakatlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va fikrlar esa tadbirning interaktiv ruhda, samimiy va ochiq muloqot shaklida o‘tishiga zamin yaratdi.
Yakunda barcha ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Xususan, xizmat jarayonida shaffoflikni ta’minlash, xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarish, harbiy etikani yuqori darajada saqlash bo‘yicha qat’iy tavsiyalar ilgari surildi. Shu bilan birga, harbiy qismlarda muntazam ravishda huquqiy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, xizmat intizomini kuchaytirishga qaratilgan yangi metodik yondashuvlar joriy etish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etish joizki, mazkur tadbir Qurolli Kuchlar safiga kiruvchi har bir xizmatchining qonuniylik, halollik va fidoyilik tamoyillari asosida xizmat olib borishiga zamin yaratadi. Huquq ustuvorligi halollik va javobgarlik — bu har bir harbiy xizmatchining kasbiy sha’ni va burchidir.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug








