Sirdaryo tumanida “Jasorat maktabi” tantanali ravishda ochildi
2025-10-30 13:25:00 / Yangiliklar

Tantanali ochilish marosimida Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi vakillari, Guliston harbiy prokuraturasi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, tuman hokimligi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarlari, faxriylar, nuroniylar, ota-onalar, o‘quvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir davlat siyosatining ahamiyatiga to‘xtalib, bunday ta’lim maskanlarining yosh avlodni ma’naviy-axloqiy, jismonan va intizom jihatdan yetuk insonlar sifatida voyaga yetkazishda tutgan o‘rnini alohida ta’kidladi. Shuningdek, qo‘mondon ham “Jasorat maktabi” kabi maskanlar orqali yoshlarimizda milliy g‘urur, jasorat va vatanparvarlik ruhini shakllantirish imkoniyati keng ekanini qayd etdi.
Shundan so‘ng harbiy orkestr sadolari ostida ramziy bog‘ich kesildi va yangi ta’lim maskani rasmiy ravishda foydalanishga topshirildi.
Mehmonlar zamonaviy o‘quv xonalari, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik faniga mo‘ljallangan maxsus maydonlar, harbiy jihozlar va “Jasorat burchaklari” bilan tanishdi. Ushbu maktab faqatgina nazariy bilim berish bilan cheklanmay, balki amaliy mashg‘ulotlar, jismoniy tayyorgarlik va harbiy intizom asoslarini mustahkamlash bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratadi. Shu tariqa, yoshlar harbiy xizmatga tayyorlanish jarayonida o‘z mahoratini rivojlantiradi, jismonan kuchayadi va yuqori ma’naviy qadriyatlarni o‘zlashtiradi.
“Jasorat maktabi” — milliy g‘urur, jasorat va sadoqatni uyg‘otuvchi yuksak ma’naviy markaz sifatida ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu ta’lim maskani orqali kelajakda ko‘plab iqtidorli, intizomli va Vatanga sodiq yoshlar tarbiyalanishi ta’minlanadi. Shu bilan birga, u o‘zining zamonaviy qulayliklari, harbiy-texnik bazasi va innovatsion yondashuvi bilan mamlakatimizdagi yoshlar tarbiyasida yangi bosqichni belgilab beradi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati








