Vatan himoyasining ma’naviy qalqoni
2025-10-30 12:25:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir Nukus harbiy prokuraturasi hamda Nukus shahar ichki ishlar bo‘limi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazilib, unda harbiy xizmatda qonuniylikni ta’minlash, intizomni mustahkamlash va Vatan himoyachilari orasida mas’uliyat, halollik hamda ma’naviy poklikni chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir davomida harbiy prokuror va ichki ishlar xodimlari tomonidan harbiy jamoalarda uchrashi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari hamda bunday illatlarning harbiy xizmat sha’ni va Vatan himoyachilari obro‘siga salbiy ta’siri batafsil tahlil qilindi.
Mutaxassislar “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning asosiy tamoyillari, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha amaldagi me’yoriy hujjatlar, shuningdek, harbiy xizmat intizomi, axloqiy-etik qoidalar mazmuni yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berdilar.
Tadbir ishtirokchilari o‘z fikr va takliflari bilan faol qatnashib, korrupsiyaga qarshi kurashda har bir fuqaro, ayniqsa, harbiy xizmatchining shaxsiy halolligi, vijdoni va fuqarolik pozitsiyasi beqiyos ahamiyatga ega ekanini e’tirof etdilar.
Mutaxassislar tomonidan harbiy xizmatchilarga yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etish, ehtiyotkorlik va mas’uliyatni hayot mezoniga aylantirish zarurligi uqtirildi. Amaliy tavsiyalar, jonli misollar va videomateriallar asosida yo‘l harakati madaniyati — bu shunchaki qoidalar majmui emas, balki inson hayotiga, o‘zaro hurmat va ehtiromga asoslangan madaniyat ekani ta’kidlandi.
Darhqiqat, harbiy xizmat — bu faqat qurol tutish emas, balki qonun, burch va sadoqat tamoyillariga tayanib yashash demakdir. Shu bois harbiy jamoalarda o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar nafaqat huquqiy savodxonlikni oshiradi, balki ma’naviy poklik, mas’uliyat, tartib-intizom va adolatga sodiqlikni mustahkamlaydi.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






