Qirgʻiz delegatsiyasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti faoliyati bilan tanishdi
2025-10-23 10:40:00 / Yangiliklar

Mudofaa vaziri o‘rinbosarining hamrohligida kelgan mehmonlarni universitet boshligʻining birinchi oʻrinbosari kutib oldi. Tashrif doirasida tomonlar mudofaa sohasidagi hamkorlik va tajriba almashish masalalari boʻyicha fikr almashdilar.
Delegatsiya aʼzolari universitetning infratuzilmasi, taʼlim jarayonlari hamda professor-oʻqituvchilarning ilmiy-pedagogik faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga harbiy kadrlar tayyorlash tizimi, oʻquv jarayonida qoʻllanilayotgan zamonaviy axborot texnologiyalari va ilgʻor metodlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, mehmonlar universitetda tashkil etilgan xorijiy davlatlar Qurolli Kuchlariga bagʻishlangan mavzuviy sinflarda boʻlib, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi fakultetida ofitserlar tayyorlash jarayonlari, amaliy mashgʻulotlar tizimi hamda boshqaruv salohiyatini oshirishga qaratilgan oʻquv dasturlari bilan tanishdi.
Ayniqsa, axborot resurs markazida kursantlar uchun yaratilgan keng koʻlamli oʻquv va axborot muhiti, Qurollanish va otish tayyorgarligi kafedrasida barpo etilgan yopiq turdagi interaktiv oʻq otish majmuasi (TIR), jangovar mashinalar va kompyuterlashtirilgan oʻq otish trenajyorlari mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Umumiy taktika kafedrasidagi maxsus sinflarda kursantlarning amaliy tayyorgarligi va taktik fikrlash koʻnikmalari shakllantirilayotgani barchaga manzur boʻldi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari kursantlar yotoqxonasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishar ekan, delegatsiya rahbari general-mayor Ruslan Mukambetov oʻzining kursantlik yillarida istiqomat qilgan kazarmada ham boʻlib, oʻsha kezlardagi ajoyib xotiralarni esga oldi.
Tashrifning eng ahamiyatli lahzalaridan biri shubhasiz universitetda tahsil olayotgan qirgʻiz ofitser va kursantlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv boʻldi. Ushbu muloqot chogʻida ular taʼlim jarayoni, Oʻzbekistondagi oʻquv muhiti hamda ikki xalq oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning ahamiyati haqida fikr almashdilar.
Shu bilan birga, konferensiya zalida Qirgʻiz Respublikasi mudofaa vaziri va qirgʻiz harbiy xizmatchilari ishtirokidagi ochiq va samimiy suhbat ham barchaga manzur boʻldi.
Mazkur tashrif ikki davlat mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, harbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash yoʻnalishlaridagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish hamda doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









