Mintaqaviy hamkorlikning amaldagi ifodasi – “Birlik–2025” oʻz yakuniga yetdi
2025-10-21 18:50:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiz, Tojikiston va Ozarboyjon Respublikalarining Mudofaa vazirligi boʻlinmalari ishtirokida oʻtkazilgan mazkur oʻquvlar davomida birgalikda bir-biridan murakkab va oʻta mashaqqatli vazifalar bajarildi.
“Birlik–2025” mintaqaviy birgalikdagi mashgʻulotlarda ishtirok etgan komandirlar tomonidan qabul qilingan qarorlar dastlab modellashtirish va simulyatsiya vositalarida koʻrib chiqildi va eng maqbul variantlar amaliyotga joriy etildi.
Oʻquvlarni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov boshchiligidagi Qozogʻiston, Qirgʻiz, Tojikiston, Turkmaniston hamda Ozarboyjon Respublikalarining Mudofaa vazirlari bevosita kuzatib bordi.
Birgalikdagi amaliy mashgʻulotlar bir vaqtning oʻzida bir nechta hududlarda oʻtkazildi. Dastlabki bosqichda uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida shartli dushman joylashgan hududni oʻrganish va razvedka ishlari amalga oshirildi. Keyinchalik shahar sharoitida noqonuniy qurollangan guruhlarni qoʻlga olish hamda yoʻq qilish boʻyicha maxsus operatsiya tashkil etildi. Shu bilan bir vaqtda boʻlinmalar tomonidan belgilangan nishonlarga aniq zarbalar berildi.
Shuningdek, guruhlarni amaliy qoʻllab-quvvatlash maqsadida navbatma-navbat artilleriya va aviatsiya zarbalari berib turildi. Xususan, Oʻzbekiston va Qozogʻiston havo kuchlariga qarashli qiruvchi samolyotlar va jangovar vertolyotlar shartli dushmanning muhim obyektlarini moʻljalga oldi.
Mudofaa chizigʻida saf tortgan oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik va ozarboyjonlik harbiy xizmatchilar bir yoqadan bosh chiqarib, bir musht boʻlib belgilangan nishonlarga qarata barcha qurol-aslaha va harbiy texnikalardan qaqshatqich zarbalar berdilar.
20 dan ortiq oʻquv joylarida olib borilgan birgalikdagi taktik harakatlarda harbiy xizmatchilar jangovar shaylik darajalarini amalda namoyon etib, yuqori natijalar koʻrsatdi.
Taʼkidlash joizki, mazkur mashgʻulotlar tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi global tahdidlarga qarshi kurashish, hamkorlikda aksilterror operatsiyasini oʻtkazish boʻyicha oʻzaro ilgʻor tajribalarni almashish va mustahkamlash imkonini berdi.
Mashgʻulotlardan soʻng mehmonlar harbiy texnikalarni mobil taʼmirlash ustaxonasi, Brigada taktik guruhining qoʻmondonlik punkti, Mudofaa sanoatida modernizatsiya qilingan texnikalari bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga, delegatsiya vakillariga “Kattaqoʻrgʻon” dala-oʻquv maydonida shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarlik darajalarini yanada oshirishga, jang olib borish sir-asrorlarini chuqur oʻrganishga, usul va uslublarni tahlil qilishga moʻljallangan oʻquv joylari xususida ham maʼlumotlar berildi.
Yakunda “Birlik–2025” mintaqaviy birgalikdagi oʻquvida faol qatnashgan harbiy xizmatchilar diplom, medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Xulosa qilib aytganda, “Birlik–2025” mintaqaviy hamkorlik tadbiri nafaqat ishtirokchi qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi va oʻzaro hamkorligini oshirishga, balki doʻstlik, birdamlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qildi. Ushbu tadbir qardosh mamlakatlar harbiylari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada kuchaytirdi hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlida muhim amaliy qadam boʻlib xizmat qildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









