“Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi
2025-10-21 10:55:00 / Yangiliklar

Ana shunday ezgu maqsadlarni amalga oshirish doirasida Termiz shahrida joylashgan “Vatanparvarlar” bog‘ida umumta’lim maktablari o‘quvchilariga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlarini tantanali ravishda topshirish marosimi o‘tkazildi.
Marosim doirasida so‘zga chiqqan rasmiylar dastlab mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, ta’lim va madaniyat sohalaridagi yutuqlar hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiya berishning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdilar. Ta’kidlanganidek, bu kabi tadbirlar yoshlarning milliy o‘zlikni anglashida, ularga yuksak vatanparvarlik ruhi singdirilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shundan so‘ng faol, intiluvchan va fidoyi yoshlar “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar. Ushbu nishonlar bolalar va o‘smirlar orasida harbiy-vatanparvarlik harakatini rag‘batlantirish va mustahkamlash, ularni el-yurtga sodiq, ma’naviy yetuk shaxslar qilib tarbiyalashga xizmat qiladi. Nishonga sazovor bo‘lgan yoshlar o‘z navbatida o‘qish, sport va jamoat ishlarida faol bo‘lishga, tengdoshlarini vatanparvarlik yo‘lida yetaklashga, shuningdek, ulug‘ ajdodlarimizning mardlik va jasorat merosini davom ettirishga sadoqat bilan va’da berishdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar uchun harbiy orkestrning kuy-qo‘shiqlari va faxriy qorovul chiqishlari namoyishi tashkil etilib, yig‘ilganlarning qalbida milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi.
Qayd etish joizki, Termiz shahrida o‘tkazilgan ushbu marosim yoshlarda yurtga, millatga bo‘lgan muhabbat, fidoyilik va vatanparvarlik ruhini yanada yuksaltirishda muhim qadam bo‘ldi.






