“Birlik — 2025”: birgalikdagi mintaqaviy o‘quvning maqsad va vazifalari muvaffaqiyatli bajarilmoqda
2025-10-18 12:45:00 / Yangiliklar

O‘quv davomida harbiy xizmatchilar zamonaviy usul va uslublarni birgalikda ishlab chiqib, qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etyapti. Xususan, har bir o‘quv nuqtasida jang olib borishning yangicha ko‘rinishlari amaliy tarzda bajarilmoqda.
Bo‘linmalar taktik, aloqa va taktik-tibbiy tayyorgarlik kabi jangovar jipislikni mustahkamlaydigan mashg‘ulotlarda o‘zaro tajriba almashib, berilgan nishonlarni tezkor va samarali yo‘q qilishda aniq va ishonchli harakatlarni amalga oshirdi.
Shuningdek, mashg‘ulotlar doirasida bir qator musobaqalar ham o‘tkazildi. Xususan, “Taktik o‘qchi” hamda “Sarbon” bellashuvida ishtirokchilar bor mahorat, kuch va imkoniyatlarini amalda namoyon etdi.
O‘quvning dastlabki kunlarida olib borilgan birgalikdagi mashg‘ulotlar o‘z samarasini berib, harbiy xizmatchilarning zamonaviy bilim, tajriba va jangovar mahoratlari yanada oshirilyapti. Albatta, bu yangi O‘zbekistonning so‘nggi yillarda barcha jabhada bo‘lgani singari xalqaro harbiy hamkorlik yo‘nalishida ham olib borayotgan islohatlari mahsulidir. Ushbu mashg‘ulotlar esa aynan ana shu maqsadlarni ko‘zlagani bilan ham ahamiyatli.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









