Sharqiy harbiy okrugda o‘quv fakulteti tashkil etildi
2025-10-17 17:05:00 / Yangiliklar

Mazkur qarorga muvofiq, Sharqiy harbiy okrugda ham Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining o‘quv fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu fakultetda harbiy xizmatchilar uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tashkil etilib, ular zamonaviy harbiy boshqaruv, ilg‘or qurol-aslaha bilan ishlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, shuningdek, psixologik tayyorgarlik yo‘nalishlarida o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab boradilar.
O‘quv fakultetida vzvod va guruh komandirlari, serjantlar, artilleriya sohasining quyi bo‘g‘inidagi ofitserlari, razvedka va maxsus operatsiyalar kuchlari sohasidagi ofitserlar, quyi bo‘g‘indagi muhandislik qo‘shinlari mutaxassislari, radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza qo‘shinlari mutaxassislari, uchuvchisiz uchish apparatlari hamda dron operatorlari, axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi kichik mutaxassislar, shuningdek, tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mutaxassislarning malakasi oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu o‘quv fakultetining tashkil etilishi — harbiy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu tashabbus orqali ofitser va serjantlar tarkibi zamonaviy talablar asosida tayyorlanib, ularning amaliy bilim va malakalari yanada mustahkamlanadi. Fakultetda nazariya bilan amaliyot uyg‘unlashgan dual ta’lim tizimi joriy etilgani esa harbiy xizmatchilarga ilg‘or tajribalarni egallash va ularni xizmat faoliyatida samarali qo‘llash imkonini yaratadi. Natijada mamlakat mudofaa salohiyati va harbiy kadrlar tayyorgarligi yangi sifat bosqichiga ko‘tariladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati





