Navoiy viloyatida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
2025-10-17 12:25:00 / Yangiliklar

Harbiy qism hududida tashkil etilgan o‘quv nuqtalarida ishtirokchilarning amaliy harakatlari real sharoitga maksimal darajada yaqinlashtirilgan ssenariylar asosida amalga oshirildi. Mashg‘ulotlarga Navoiy viloyati bo‘yicha hududiy tezkor guruhlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, favqulodda vaziyatlar xizmatlari va boshqa kuch ishlatar tuzilmalar vakillari keng jalb etildi.
Mashg‘ulotlar davomida fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, obyektlarni muhofaza qilish, evakuatsiya tadbirlarini amalga oshirish, portlash xavfi mavjud hududlarda harakatlanish va boshqa favqulodda holatlarga nisbatan professional yondashuvlar namoyon etildi. Har bir bosqich mashg‘ulot rahbarlari tomonidan sharhlab borilib, ko‘rgazmali chiqishlar orqali jamoatchilikka keng tushuntirishlar berildi.
Tadbirga ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etildi. Ular mashg‘ulotlarni bevosita kuzatish barobarida, mamlakat mudofaa salohiyatining mustahkam asoslarda rivojlanib borayotganiga yana bir bor guvoh bo‘lishdi.
Qayd etish joizki, bu kabi o‘quv mashg‘ulotlari nafaqat harbiy xizmatchilar va kuch tuzilmalari xodimlarining professionallik darajasini oshirishga, balki favqulodda vaziyatlarda tezkor, aniqlashtirilgan va muvofiqlashtirilgan qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Mashg‘ulot yakunida ishtirokchi tuzilmalar vakillariga esdalik sovg‘alari topshirildi, kelgusidagi o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi hamda faoliyatni yanada takomillashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.






