Qashqadaryoda dzyudo bo‘yicha mudofaa vaziri kubogi uchun musobaqa o‘tkazildi
2025-10-16 10:50:00 / Yangiliklar

Musobaqa boshida murabbiylar va hakamlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, unda bahslarning shaffofligi, obyektivligi va sport etikasi qoidalariga qat’iy amal qilinishi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng belgilangan tartib asosida dzyudo bo‘yicha bahslar boshlandi. Harbiy sportchilar 60, 66, 73, 81, 90 va +90 kg vazn toifalarida gilamga chiqib, o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Har bir sportchining jangovar ruh, kuchli iroda, epchillik va professional tayyorgarlik asosidagi chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarning yuqori jismoniy holati, tezkorlik va texnik mahorat bilan birga, ruhiy barqarorlikda ham yetuklik namoyon etgani alohida e’tiborga molik bo‘ldi. Aynan mana shu fazilatlar sportchilarning har bir jangda o‘z ustunliklarini ko‘rsatishida hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qildi.
Kun davomida mahorati, intizomi va professional yondashuvi bilan raqiblarini ortda qoldirib, g‘alabaga erishgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal, kubok hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilishida faol ishtirok etgan, texnik va tashkiliy jarayonlarni puxta muvofiqlashtirgan mas’ullarga okrug qo‘mondonligi tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







