Vatan himoyachilarini tarbiyalash yo‘lida ustuvor yo‘nalish
2025-10-16 10:45:00 / Yangiliklar

Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga amaliy misol sifatida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xayrobod garnizonida joylashgan harbiy qismda tashkil etilgan “Harbiy qismda bir kunim” shiori ostidagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbirini keltirish mumkin.
Kun davomida ishtirokchilar harbiy qismda yaratilgan moddiy-texnik baza, zamonaviy yashash sharoitlari, harbiy xizmatchilarning kundalik xizmat tartibi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, o‘q otish mashg‘ulotlari, amaliy jangovar chiqishlar va ko‘rgazmali mashqlar yoshlar qalbida katta taassurot uyg‘otdi.
Tadbir davomida tashkil etilgan samimiy muloqotlar, savol-javoblar, harbiy xizmatchilar bilan bevosita suhbatlar yoshlar ongida “Yurt himoyachisi bo‘lish — bu nafaqat burch, balki sharafdir” degan g‘oyaning mustahkam o‘rin olishiga sabab bo‘ldi.
O‘quvchi yoshlar tomonidan namoyish etilgan faol ishtirok, ularning harbiy sohaga nisbatan bildirgan qiziqishi va ijobiy taassurotlari ushbu tashabbusning naqadar dolzarb va samarali ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ayniqsa, amaliy mashg‘ulotlarda o‘zlarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lgan yoshlar uchun bu kun unutilmas hayotiy saboqlardan biri bo‘ldi.
Shubhasiz, bugungi kunda yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni jasorat va matonat, sadoqat va fidoyilik kabi yuksak fazilatlarga yo‘naltirish — yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim omillardandir. “Harbiy qismda bir kunim” loyihasi esa aynan mana shu ezgu maqsad sari tashlangan navbatdagi samarali qadam bo‘ldi.






