“Ilg‘or desant guruhi” musobaqasining yakuniy bosqichiga start berildi
2025-10-15 15:25:00 / Yangiliklar

Musobaqada desant bo‘linmalarining jangovar shayligini oshirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish va har bir harbiy xizmatchida g‘alabaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash maqsad qilingan.
Mazkur musobaqa harbiy xizmatchilarning jasorati, irodasi va Vatanga sadoqati sinovdan o‘tadigan haqiqiy mardlik maydonidir. Dastlabki sinovda ishtirokchilar 1 kilometr masofaga parashyut bilan hamda 10 kilometr masofaga marsh yugurishdi.
Musobaqa doirasida ishtirokchilar o‘q otish, granatamyotdan nishonga zarba berish, to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish kabi murakkab shartlarda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazishmoqda. Jarayonlardan shunisi ma’lumki, har bir ishtirokchi uchun — bellashuvlar o‘zini, jamoasini va Vatanga sadoqatini amalda isbotlash imkoniyati.
Bahslarning eng hayajonli daqiqalari esa guruh komandirlari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Armiya qo‘l jangi”da namoyon bo‘ladi. Bu bellashuv nafaqat jismoniy kuch, balki strategik fikrlash, tezkor qaror qabul qilish va haqiqiy harbiy ruhni namoyon etuvchi sinovdir.
Bellashuvlar qizg‘in davom etmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati





