Fidoyi ofitser, isteʼfodagi general-polkovnik AXMEDOV RUSTAM URMANOVICH olamdan oʻtdi. U 82 yoshda edi.
2025-10-12 16:05:00 / Yangiliklar

Rustam Urmanovich oʻzining 40 yildan oshiq umrini Qurolli Kuchlarga fidoyilik bilan bagʻishlab, mustaqil Oʻzbekiston milliy armiyasi tiklanishining dastlabki yillarida mamlakat uchun, uning xavfsizligini taʼminlash va xalqimizni osoyishtaligini himoya qilish uchun gʻoyat koʻp ishlarni amalga oshirgan insonlardan biri.
General-polkovnik Axmedov Rustam Urmanovich 1943-yil 10-noyabrda Fargʻona viloyatining Bogʻdod tumanida tavallud topgan.
1965-yilda Toshkent oliy tank qoʻmondonlik bilim yurtini “tank qoʻshinlari taktik qoʻmondonligi” mutaxassisligi boʻyicha, 1985-yilda esa Zirhli tank qoʻshinlari harbiy akademiyasini “qoʻmondon-shtab operativ-taktik” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
1966-yildan 1972-yilgacha qadar Boltiqboʻyi qoʻshinlari harbiy okrugi 11-armiya tank polki tank vzvodi komandiri lavozimidan Shimoliy qoʻshinlar tankchilar diviziyasi tankchilar batalyoni komandirining siyosiy boʻlim boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.
1972-yildan 1986-yilgacha Toshkent oliy tank qoʻmondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtlarida kursantlar batalyonida komandirning tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari hamda batalyon komandiri lavozimlarida xizmat oʻtagan.
1986-yildan 1991-yilgacha Toshkent viloyati fuqarolik mudofaasi komandirining oʻrinbosari – shtab boshligʻi lavozimida xizmat qilgan.
1991-yildan 1992-yilgacha bir vaqtning oʻzida mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari boʻyicha vaziri – Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya qoʻmondoni lavozimida, 1992-yildan 1997-yilgacha esa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Axmedov Rustam Urmanovich mustaqil Oʻzbekistonning birinchi mudofaa vaziri sifatida tarixdan joy oldi.
Marhum nafaqat mudofaa tizimida, balki 1997-yil sentyabr oyidan 1998-yil sentyabr oyigacha Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida faoliyat yuritganligi ham barchamizga maʼlum.
1998-yilda nafaqaga chiqib, bugungi kungacha yoshlarga ofitser sharafi va insoniy kamtarlik namunasi boʻlib keldi.
Shuningdek, 2018-yildan 2020-yilgacha Mudofaa vazirining maslahatchisi lavozimida mudofaa tizimining muhim yoʻnalishlarini qayta isloh qilishda faol ishtirok etgan.
Koʻp yillik fidoyi xizmatlari uchun Sobiq ittifoq va Oʻzbekiston Respublikasining bir qator orden va medallari bilan taqdirlangan.
1993-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Faxriy yorligʻi va 1995-yilda II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi milliy armiyasini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 2018-yilda “Doʻstlik”ordeni bilan taqdirlangan.
General-polkovnik R.U.Axmedov rahbarligida mustaqillikning dastlabki yillarida armiyani, qurol-yarogʻ va harbiy texnikani saqlab qolish, harbiy infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, harbiy xizmat nufuzini oshirish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirildi.
Bularning barchasini ortida, hech shubhasiz, Rustam Urmanovichga xos boʻlgan sabr-matonat, tinimsiz mehnat, yuksak masʼuliyat, professionalizm
va Vatanga mehr-muhabbat fazilatlari mujassamdir.
Rustam Urmanovich uzoq yillik xizmat faoliyati davomida koʻplab shogirdlar yetkazib chiqardi. U oʻzining keng bilim doirasi, rahbarlik isteʼdodi va yuqori darajadagi shaxsiy masʼuliyati bilan jamiyatimizda obroʻ-eʼtibor qozondi.
General-polkovnik R.U.Axmedovning shonli hayot yoʻli – bu xizmat, sadoqat va yuksak masʼuliyat namunasidir. Uning mehnatlari, Vatanimiz oldidagi xizmati, sadoqati va shaxsiy fazilatlari bizning xotiramizda abadiy saqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati Rustam Urmanovichning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya bildirib, hamdardlik izhor qiladi. Bu yoʻqotish ogʻir, bevaqt va oʻrnini hech narsa bosa olmaydi.
Axmedov Rustam Urmanovich bilan vidolashuv 13-oktyabr kuni soat 11.30 da Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Orol 3-tor koʻchasi 13-uyda boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
