Yoshlar bilan ishlash borasida natijadorlikni oshirish bo‘yicha hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2025-09-26 17:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilda Davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan hisobot yig‘ilishida okrug qo‘mondonligi va hamkor tashkilotlar rahbariyati ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash borasida Mudofaa vazirligi tizimida ham rejali tarzda ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, alohida ishlash talab etiladigan yoshlar bilan salmoqli natijalarga erishildi.
Hisobot yig‘ilishida Toshkent harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism komandirlari va muassasa boshliqlari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan yil davomida amalga oshirgan ishlari va erishgan natijalari borasida to‘liq ma’lumotlar berildi. Mazkur toifadagi yoshlarning oilaviy ahvoli, ijtimoiy kelib chiqishi, yoshi va qiziqishlarini inobatga olgan holda ular bilan yakka tartibda suhbatlar olib borilgani, berilgan yordam turlari bo‘yicha hisobotlar taqdim qilindi.
Tizimda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish choralari tushuntirilib, mas’ullarga vazifalar belgilandi. Ertamiz egalarining yurtga muhabbat hissi bilan kamol topishida amalga oshirish lozim bo‘lgan barcha ishlar yanada shijoat bilan davom ettirilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati





