O‘zbekiston harbiylari Koreyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada uchinchi marotaba mutlaq g‘olib bo‘lishdi
2025-09-26 17:20:00 / Yangiliklar

Musobaqada dastlab har bir jamoa operativ rejani ishlab chiqish va milliy kelishuv bo‘yicha majburiyatlarni bajarish hamda bo‘linmalarning qo‘shma operatsiyalari uchun zarur bo‘ladigan ko‘nikma va tajriba oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shundan so‘ng har bir jamoa qur’a tashlash orqali bellashuvga kirishdi. Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar turli jangovar simulyatsiyalar hamda ilmiylashtirilgan mashg‘ulot dasturlaridan foydalangan holda tog‘oldi, o‘rmon va shahar sharoitida 12 bosqichdagi shartli janglarni olib borishdi.
Baholash jarayonida ishtirokchi guruhlarning shartlarni to‘liq bajarishi, jangovar harakatlar qoidalariga rioya qilingani, hujum va mudofaada shartli dushmanni yakson etish va omon qolish darajasi, shuningdek, jangovar harakatlar taktik vaziyatga mos kelishini har tomonlama tahlil qilish va xabardor qilish natijalari inobatga olindi.
Quvonarli jihati shundaki, mazkur musobaqada harbiylarimiz shartli dushmanning zaxira va asosiy qo‘mondonlik punktini qo‘lga olishga 21 daqiqa (shu vaqtgacha eng yaxshi natija 33 daqiqa), mudofaada turib shartli dushmanni yakson etishga 25 daqiqa (shu vaqtgacha eng yaxshi natija 29 daqiqa) sarflab, musobaqa rekordlarini yangilashdi.
Shuningdek, shartli dushmanni yakson etish shartida III darajali serjant Bekzod Nodirov eng yuqori natijani qayd etib, musobaqaning “Eng yaxshi o‘qchi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Shu tariqa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi joriy yilda ham mazkur Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida eng yuqori natijani qayd etib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan ikki yil davomida o‘tkazilgan mazkur musobaqada ham o‘zbekistonlik harbiylardan iborat jamoa peshqadamlikni qo‘ldan boy bermagan edi.
Ertaga, 27-sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida g‘olib harbiylarimizni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









