Qashqadaryoda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-09-26 12:40:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan viloyat hokimligi va qator kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida tashkil etilib, 500 nafardan ziyod yoshlar hamda ularning ustozlarini birlashtirdi.
Uchrashuv jarayonida hayot tajribasiga ega yetakchi mutaxassislar tomonidan yoshlar siyosati va ularning jamiyatdagi o‘rni davlat darajasida alohida e’tibor bilan qo‘llab-quvvatlanayotgani yuzasidan chuqur va aniq ma’lumotlar taqdim etildi. Yosh avlodning intilishlari, ularning kelajagini barpo etishda davlat tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim olishdan tortib kasb-hunar egallashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar bilan bog‘liq siyosiy va ijtimoiy ustuvorliklar batafsil yoritildi.
Shuningdek, o‘quvchilar oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun belgilangan talablar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga berilayotgan maxsus imtiyozlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga aniq va to‘liq javoblar oldilar.
Uchrashuv doirasida shahrisabzlik iqtidorli yoshlar tomonidan yaratilgan ilmiy-amaliy ishlanmalar namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. Robototexnika, milliy kashtachilik va zardo‘zlik san’ati, shuningdek, zamonaviy issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha ilg‘or loyihalar taqdimoti ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Muxtasar aytganda, ushbu tadbir yoshlar tarbiyasida, ularni davlat va jamiyat hayotiga faol jalb etishda, milliy qadriyatlar ruhida yetuk shaxs sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, yoshlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishda bunday uchrashuvlarning o‘rni beqiyos ekanligi yana bir bor tasdiqlandi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati







